Geosiyosat

Geosiyosat (yunoncha geo – yer, politika – hudud yoki davlatni boshqarish san’ati) – siyosiy atama bo‘lib, davlatning tashqi va ichki siyosatining yo‘nalishi, uning maqsad va vazifalariga, xususan, geografik joylashuvi, mavjud zaxiralar orqali boshqa hududlarga muayyan darajada ta’sir o‘tkazishi kabilar bilan bog‘liq tushuncha.
Bir qarashda, geosiyosat ma’naviyat bilan bog‘liq emasdek tuyiladi. Aslida esa muayyan mamlakat geosiyosatni yuqorida tilga olingan omillardan tashqari ijtimoiy, madaniy va ma’naviy jihatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuv davri geosiyosatining barcha imkoniyatlari inson ravnaqi va xavfsizligiga safarbar etilishi zarur. Bu, o‘z navbatida, kishilarning ma’naviy poklanishi, davlatlararo va insonlararo munosabatlarning yangicha mazmun kasb etishiga xizmat qiladi. Geosiyosat atamasini ilmiy muomalaga shvetsiyalik siyosatshunos olim R.Chellen olib kirgan. Bu atama I jahon urushi arafasida keng qo‘llanila boshladi. O‘sha davrda yashagan nemis olimi F.Ratsel (1844–1904) davlat siyosati va mamlakatning geografik holati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va aloqadorlikka xizmat qiladigan yangi geosiyosiy konsepsiyaning nazariy asoslarini ishlab chiqadi. Puxta o‘ylangan mafkuraviy asosga tayangan ushbu konsepsiyada “alohida makonni his etish” g‘oyasi ilgari surilib, o‘z chegaralarini o‘zgartirishni (kengaytirishni) maqsad qilgan davlatlar sa’y-harakatini oqlash borasidagi intilish ko‘zga tashlanadi. K.Xausxofer (1869–1946) geosiyosat tushunchasini bunday talqin etish an’anasini davom ettirib, mohiyatan tajovuzkorlik tabiatiga ega bo‘lgan “nemis millati hayotiy makoni” g‘oyasini ilgari surib, uning ekspansionistik, imperialistik konsepsiyasini ishlab chiqdi. Uchinchi reyxning o‘ziga xos mafkuraviy quroliga aylangan geosiyosat nazariyasining ana shu ko‘rinishi nemis mumtoz geosiyosiy maktablari doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalarini inkor etib keldi. Amerikalik admiral A.T.Mexen (1840 – 1914) dengiz bo‘yi va quruqlikda joylashgan davlatlar o‘rtasida abadiy ziddiyat mavjudligi g‘oyasiga tayanib, okean va dengiz kommunikatsiyalari hamda portlari ustidan nazorat o‘rnatilishi muayyan mamlakatning uzoq vaqt davomida dunyoda geosiyosiy ustunligini ta’minlashi mumkinligi ta’kidlanadi.

© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi