Iqtisodiyot

Iqtisod – jamiyatning hamma aʼzolari uchun farovon hayot yaratish usul va vositalarini oʻrganadigan va amalda qoʻllaydigan soha. Iqtisodning yagona maqsadi – jamiyatning har bir aʼzosi uchun yaxshi turmush tarzini yaratish. Ana shu asosiy maqsaddan boshqa ikkilamchi maqsadlar kelib chiqadi: iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish, barchani ish bilan taʼminlash va hokazo.
Koʻpchilik orasida yana bir xato tushuncha bor: iqtisod asosida pul turadi. Yoʻq – iqtisod asosida manbalar (resurslar) turadi – pul ularning harakatini taʼminlovchi vosita, xolos. Savdo – iqtisodning katta qismi, lekin u iqtisodning asosi emas. Ibtidoiy jamoada savdo boʻlmagan. Odamlar oʻz ehtiyojlarini qoplash uchungina mehnat qilishgan. Jamoa orasida shu jamoa ehtiyojlarini qondirish uchun mehnat taqsimoti boʻlgan: Ayollar nasl tarbiyasi va termachilik bilan mashgʻul boʻlsa, erkaklar ov va jamoa xavfsizligini taʼminlash bilan band boʻlgan. Bunday iqtisodda pul kerak boʻlmagan va iqtisod tabiiy qonunlar asosida qurilgan.

© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi