“Yuksalish” harakati 2020-yildan buyon mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” reytingini an’anaviy tarzda e’lon qilib kelmoqda. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi – O‘zbekistondagi ilmiy-tahliliy salohiyatni keng jamoatchilikka tanishtirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etayotgan institutlar faoliyatini yoritishdan iborat. Ma’lumki, “aql markazlari” jamoatchilik fikrini shakllantirish, davlat islohotlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarini tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, strategik qarorlar qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, rivojlangan davlatlarda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalar bo‘yicha istiqbolni belgilashda mustaqil tahliliy markazlar fikriga tayanish amaliyoti keng tarqalgan.
Reyting qanday shakllantirildi?
2025-yil 1-yanvar – 31-dekabr davri uchun reyting quyidagi 2 ta asosiy indikator va 4 ta subindikator asosida tuzildi:
1. lmiy-tahliliy salohiyati:
- materiallar soni;
- telegram kanal va guruhlarda tashkilot faoliyatiga oid materiallardan iqtibos keltirish darajasi.
- veb-sahifasiga tashriflar ko‘rsatkichi;
- veb-sahifalarning bir oylik o‘rtacha yangilanish chastotasi;
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu reyting ayrim markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ro‘yxatga kirmagan tashkilotlarga past baho berish maqsadida tuzilmagan. Asosiy vazifa – mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari”ni keng jamoatchilikka tanishtirish va ularning faolligini ochiq ma’lumotlar asosida ko‘rsatishdir.
2025-yakunlari bo‘yicha TOP-20 “Aql markazlari”
- Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi – cerr.uz / review.uz Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bo‘yicha tahliliy va amaliy tadqiqotlar olib boradi, strategik takliflar ishlab chiqadi. (1 450+ material, 1 250 000 tashrif, 150-200 ta yangilanish, 1846 ta iqtibos)
- Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi – cerr.uz / review.uz Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bo‘yicha tahliliy va amaliy tadqiqotlar olib boradi, strategik takliflar ishlab chiqadi. (1 450+ material, 1 250 000 tashrif, 150-200 ta yangilanish, 1846 ta iqtibos)
- “Taraqqiyot strategiyasi” markazi – strategy.uz Davlat dasturlari va rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish hamda ularni jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tahliliy va media-platforma vazifasini bajaradi. (780+ material, 520 000 tashrif, 45-50 ta yangilanish, 1094 ta iqtibos)
- Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti – imrs.uz Davlat dasturlari va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligini baholaydi hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi. (480+ material, 240 000 tashrif, 40-50 ta yangilanish, 571 ta iqtibos)
- Parlament tadqiqotlari instituti – parliament.gov.uz Qonun ijodkorligi jarayonini ilmiy-analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi va qonun loyihalarini ekspertizadan o‘tkazadi. (620+ material, 410 000 tashrif, 30 ta yangilanish, 201 ta iqtibos)
- Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi – gsbe.uz Tadbirkorlik va biznes boshqaruvi yo‘nalishida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, rahbar kadrlar tayyorlash hamda biznes muhitini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-tahliliy va ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. (340+ material, 310 000 tashrif, 30 ta yangilanish, 536 ta iqtibos)
- “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti – moiti.uz Oila va mahalla institutlarini mustahkamlash, gender siyosati va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqadi.
- Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti – isrs.uz Milliy va mintaqaviy xavfsizlik, xalqaro hamkorlik va strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi. (390+ material, 190 000 tashrif, 15-16 ta yangilanish, 44 ta iqtibos)
- Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi – cadp.uz Ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni monitoring va tahlil qilish hamda fuqarolik jamiyati rivojiga ko‘maklashishga ixtisoslashgan. (55+ material, 18 000 tashrif, 1–2 ta yangilanish, 704 ta iqtibos)
- Markaziy Osiyo xalqaro instituti – iica.uz Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy-ekspert hamkorligini rivojlantiradi va mintaqaviy masalalarni tadqiq etadi. (170+ material, 65 000 tashrif, 8 ta yangilanish, 418 ta iqtibos)
- Progressiv islohotlar markazi – proreforms.uz Strategik asoslangan islohotlar, davlat siyosati tahlili va barqaror rivojlanish yo‘nalishida mustaqil tadqiqotlar olib boradi. (135+ material, 55 000 tashrif, 4-5 ta yangilanish, 351 ta iqtibos)
- Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi – socialpolicyab.uz Aholining ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirish hamda ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ilmiy-tahliliy tadqiqotlar va amaliy takliflar ishlab chiqadi. (80+ material, 21 000 tashrif, 15-16 ta yangilanish, 161 ta iqtibos)
- Ilg‘or texnologiyalar markazi – cat-science.uz Zamonaviy ilmiy-innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan tadqiqot hamda loyiha faoliyatini amalga oshiradi. (95+ material, 38 000 tashrif, 3-4 ta yangilanish, 383 ta iqtibos)
- Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi – ccprc.uz Raqobat muhitini rivojlantirish, monopoliyaga qarshi siyosatni takomillashtirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida ilmiy-tahliliy tadqiqotlar olib boradi. (60+ material, 22 000 tashrif, 2-3 ta yangilanish, 402 ta iqtibos)
- Kriminologiya tadqiqot instituti – kti.iiv.uz Jinoyatchilik sabablari va dinamikasini o‘rganish, kriminologik tahlillar o‘tkazish hamda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlar olib boradi. (253+ material, 32 000 tashrif, 14-16 ta yangilanish, 275 ta iqtibos)
- Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi – devedu.uz Oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, innovatsion pedagogik yondashuvlarni joriy etish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar olib boradi. (150+ material, 48 000 tashrif, 4-6 ta yangilanish, 181 ta iqtibos)
- “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi – ijtimoiyfikr.uz Ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazadi, jamoatchilik fikri dinamikasini o‘rganadi va tizimli monitoring olib boradi. (115+ material, 42 000 tashrif, 4 ta yangilanish, 123 ta iqtibos)
- Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti – oz.illp.uz Huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirishni ilmiy-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. (110+ material, 35 000 tashrif, 4 ta yangilanish, 85 ta iqtibos)
- Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti – iais.uz Xalqaro munosabatlar, geosiyosat va global jarayonlar bo‘yicha fundamental hamda amaliy tadqiqotlar olib boradi va tahliliy xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqadi. (85+ material, 28 000 tashrif, 3-4 ta yangilanish, 62 ta iqtibos)
- Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi – stibom.uz
Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bo‘yicha tizimli hamda strategik tahlillar olib boradi.
(75+ material, 25 000 tashrif, 2-3 ta yangilanish, 44 ta iqtibos)
2025-yil natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda ilmiy-tahliliy faollik yil sayin ortib bormoqda. “Aql markazlari” nafaqat materiallar soni, balki jamoatchilik bilan muloqot va raqamli faollik bo‘yicha ham sezilarli natijalarga erishmoqda. “Yuksalish” harakati ushbu reyting orqali mamlakatimizdagi tahliliy muhitni rivojlantirish, ochiqlik va sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish hamda jamoatchilikni mavjud ekspertlik salohiyati bilan tanishtirishni maqsad qilgan.
Kelgusida ham mazkur reyting an’anaviy tarzda e’lon qilinadi va tahliliy markazlar faoliyatini baholash hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.


