Mustaqillikka erishilgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 47 mlrd dollar atrofida edi. Oradan 34 yil o‘tib bu miqdor 10 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 500 mlrd dollarga yaqinlashib qoldi. Milliy iqtisodiyotlar yuqori sur’atda o‘sayotgan bo‘lsa-da, mintaqada xomashyo eksporti va pul o‘tkazmalariga qaramlik saqlanib qolyapti. 1991 yilda Markaziy Osiyo davlatlari birin-ketin SSSR tarkibidan chiqib, mustaqillikka erishdi.
Istiqlolning dastlabki yillarida mintaqa mamlakatlarining barchasida og‘ir iqtisodiy muammolar kuzatilgan bo‘lsa-da, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab milliy iqtisodiyotlar tiklana boshladi. O‘tgan davr mobaynida aholi daromadlari va turmush darajasi ham sezilarli yaxshilandi. 1991 yilning oxirida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi Qozog‘istonda 1442 dollarni, Turkmanistonda 832 dollarni, O‘zbekistonda 658 dollarni, Qirg‘izistonda 569 dollarni, Tojikistonda esa 458 dollarni tashkil etgan.
O‘zbekiston – mintaqada eng ko‘p aholiga ega davlat. 1991 yilda mamlakat aholisi 20,4 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilning 1 yanvar holatiga 37,5 mln nafarga yetgan.
Qozog‘iston aholisi 1991 yilda 16,8 mln kishini tashkil etgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmadi. 1994 yildan to 2002 yilgacha aholi soni sezilarli darajada qisqarib bordi va 2001 yil yakunlari bo‘yicha 14,8 mln nafarga tushib qoldi. Bu – asosan mamlakatdan ko‘p sonli ruslar, nemislar, chechenlar va boshqa millatlar ko‘chib ketgani bilan ham izohlanadi. Shundan so‘ng mamlakat aholisi kichik farq bilan bo‘lsa-da o‘sa boshladi va 2025 yilning 1 yanvar holatiga qariyb 20,3 mln nafarga yetdi.
Tojikiston possovet respublikalari orasida aholi soni o‘sishi bo‘yicha 1-o‘rinda turadi. Xususan, 1991 yilda Tojikiston aholisi 5,3 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 10,5 millionga yaqinlashdi.
© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi