Siyosatshunoslik

Siyosatshunoslik - siyosiy hokimiyat va uning amal qilish qonuniyatlari, kategoriyalari, tushunchalari, siyosiy hayot oqimi, boshqaruvchilar bilan boshqariladiganlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, beto‘xtov sodir bo‘ladigan siyosiy jarayonlar mohiyati, mazmuni, asosiy yo‘nalishlari, jamiyatni siyosiy boshqarish mahorati, ichki va tashqi siyosat yuritishning nazariy-amaliy asoslari haqidagi fan va bilim sohasi. Siyosat bilan shug‘ullanish jarayonlari davlat hokimiyati mexanizmining shakllanishi bilan boshlangan bo‘lib, ibtidoiy davrlardan boshlab amal qila boshlagan. Keyinchalik Sharq davlatchiligi (Misr, Bobil, Shumer, Akkad, Midiya, Forslar davlati, Assuriya, Urartu), Yunon polislari, Rim respublikasi, Baqtriya, Xunlar davlati, Parfiya, Kushon davlatlarida amal qilgan hokimiyatlar siyosatini o‘rganish, ular yechimini topishga intilish, siyosiy bilimlarning nazariy-metodologik asoslarini yaratish zaruriyati vujudga keldi. Jamiyatni siyosiy boshqarish mahorati hamda sanʼati to‘g‘risidagi dastlabki siyosiy g‘oyalar va ta’limotlar, qonun-qoidalar majmui yaratilib, amaliyotga kiritila boshlandi.
“Avesto”da ifoda etilgan jamiyat siyosiy hayotining tartib-qoidalari, Xamurappi qonunlari, Manu qonunlari, Likurg, Drakont, Solon qonunlari, Konfutsiy, Suqrot, Aflotun, Arastu siyosiy ta’limotlari, Yustinian kodekslari, Temur tuzuklari, siyosiy arboblarning qarashlari va Yer kurrasining turli hududlarida vujudga kelgan siyosiy fikr-mulohazalar, g‘oyalar, ta’limotlar majmui hozirda shakllanib, keng ko‘lamda amal qilayotgan siyosatshunoslik sohasiga manba bo‘lib xizmat qildi. Siyosatshunoslik dastavval siyosiy falsafa bag‘rida, keyin esa siyosiy sotsiologiya tarkibida, qisman, siyosiy tarix, siyosiy ta’limotlar tarixi, yurisprudensiya tarkibiy qismlari sifatida tadqiq hamda tahlil etilib, o‘rganildi va o‘qitildi. Lekin Yer yuzida ijtimoiy ishlab chiqarishning umumlashuvi, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning uyg‘unlashuvi natijasida rivojlangan mamlakatlar sharoitida siyosatshunoslikni alohida bilim sohasi sifatida ajratib o‘rganish va o‘qitishga ehtiyoj sezildi. Shuning uchun ham XIX asrning oxirlaridan AQSHda, keyinchalik Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya kabi mamlakatlarda bu fan va bilim sohasiga alohida e’tibor berilib, uning ilmiy maktablari va ilmiy tadqiqod markazlari vujudga kela boshladi. Siyosatshunoslik fani O‘zbekistonda mustaqillikka erishilgandan so‘ng oliy ta’lim tizimiga kiritildi. Shu tufayli, mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik fani keng o‘qitilib, yangidan nashr etilayotgan o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar vositasida yosh avlod siyosiy bilimlarini oshirish, siyosiy ong darajasi va sifatini zamon talablari darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor berilyapti.

© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi