Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi ilmiy – o’quv ishlari va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha ikkita o‘rinbosarga ega bo’lgan direktor tomonidan boshqariladi. Shuningdek, Oliy maktabda o‘quv bo‘limi, ilmiy bo‘lim, axborot-komminikatsiya texnologiyalari bo‘limi, Tizimli tahlil markazi, Tahrir-nashriyot bo‘limi, Malaka oshirish bo‘linmasi va tegishli fanlarga ixtisoslashgan kafedralar faoliyat olib boradi. Oliy maktabning respublikamizdagi yetakchi “aqliy markaz” sifatida tanilishiga ko‘p jihatdan ta’lim muassasamiz tarkibida bo‘lgan Tizimli tahlil markazining samarali faoliyati tufayli erishilmoqda. TTM faoliyati yo‘nalishlarining asosiy maqsadi davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi muammolarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining hayotiy muhim manfaatlariga aloqador mintaqa va xalqaro miqyosdagi jarayon hamda tendensiyalarni tizimli tadqiq etishga qaratilgan. Oliy maktab ta’lim jarayonida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari muhim o‘rin tutadi. Xususan, 2003-yildan boshlab Oliy maktabda turli vazirlik va idoralarning xodimlari uchun axborot-tahliliy faoliyat yo‘nalishida malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan. 2018-2023 yillar davomida malaka oshirish kurslarini 1170 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomlagan. So‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Oliy maktabda tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslariga talab oshmoqda. Bundan tashqari, Oliy maktab tahririyat-nashriyot bo‘limi monografiyalar, ilmiy jurnallar va maqolalar, o‘quv jarayoni uchun qo‘llanmalar, “davr talabi” nomli gazeta va turli tahliliy sharh to‘plamlarini nashr etish bilan shug‘ullanadi. Ushbu bo‘lim faoliyati o‘quv jarayonini zarur metodik adabiyotlar bilan o‘z vaqtida ta’minlash hamda tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga yaqindan yordam beradi. Ta’kidlash zarurki, Oliy maktab kutubxonasi tinglovchilar, xodimlar va ilmiy tadqiqotchilar uchun zaruriy kitoblar, turli sohalardagi ilmiy asarlar, maqolalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishib borishga qulay sharoitni ta’minlamoqda. Xususan, o‘tgan yigirma yil ichida mazkur kutubxonada 28 mingdan ortiq o‘zbek, rus, ingliz va boshqa tillardagi badiiy adabiyotlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, xorijiy adabiyotlar to‘plangan.
© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi