Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi (STIBOM) siyosatshunoslar – tizimli tahlil bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashda O‘zbekistondagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda “aql markaz”laridan biri hisoblanadi. Oliy maktab 2000-yil 16-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yil 6-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi faoliyati samaradorligini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi Qarori esa, o‘quv yurti hayotidagi yangi bosqichni boshlab berdi. Oliy maktab o‘z faoliyatida mustaqil ta’lim, tahlil va ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida tegishli an’analarni shakllantirgan holda, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni faol tatbiq etmoqda. STIBOMda tinglovchilar uchun o‘qish 2 yillik magistratura shaklida tashkil etilgan. Oliy maktabga o‘qishga qabul qilish respublikamizning turli vazirlik va muassasalari hamda huquqni muhofaza qilish idoralarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan xodimlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Nomzodlardan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillari sohalariga oid bilimlar va shu sohalardagi ish ko‘nikmalari talab etiladi. Magistratura dasturi yakunlangach, davlat imtihonlari va magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish natijalariga ko‘ra, bitiruvchilar “Siyosatshunoslik: tizimli tahlil va istiqbolni belgilash” mutaxassisligi bo‘yicha magistr akademik darajasiga ega bo‘ladi. Oliy maktabda magistrlar tayyorlashda siyosatshunoslik, geosiyosat, tizimli tahlil, sotsiologiya, iqtisodiyot, psixologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, chet tillari va milliy xavfsizlikning turli sohalariga oid fanlarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. Oliy maktab O’zbekistonda ta’lim va ilm-fan sohalarida olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi, ta’lim-tarbiya jarayonini uyg’unlashtirish, tayyorlanadigan siyosatshunos mutaxassis kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish, milliy xavfsizlik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni ustuvorligi va dolzarbligini ta’minlash ishlarida tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ta’lim maskanidir. Shu bilan birga, ta’kidlab o‘tish joizki, so‘nggi yillarda Oliy maktab mamlakatimizga yuqori malakali tahlilchi kadrlar yetkazib berish bilan bir qatorda “Think tank” – “Aql markazi” sifatida ham e’tirof etila boshlandi. Xususan, 2023-yilda Oliy maktab O‘zbekistonning nufuzli Top-20 “Aql markazlari” qatorida qayd etildi.
© O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va Istiqbolni belgilash Oliy maktabi